Iroda Alimdjanova. Mazkur maqolada O‘zbekiston telekanallarida yangiliklar dasturlarining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari raqamli transformatsiya, media konvergensiya va auditoriya xulq-atvoridagi o‘zgarishlar kontekstida tahlil qilinadi. Tadqiqotda televizion yangilikning an’anaviy efir mahsulotidan ko‘p platformali axborot mahsulotiga aylanishi, tezkorlikning ortishi, jonli efir va mobil jurnalistika imkoniyatlarining kengayishi, qisqa video formatlari, vizualizatsiya, ijtimoiy tarmoqlar bilan integratsiya hamda verifikatsiya masalalari o‘rganildi. “O‘zbekiston 24”, UZREPORT TV, MY5 va “Sevimli” telekanallari misolida ochiq raqamli platformalardagi axborot amaliyoti qiyosiy kuzatildi. Natijalar televizion tahririyatning kelajak modeli yagona efir markazidan ko‘ra konvergent newsroom tamoyiliga yaqinlashayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, tezkorlik va platformalararo tarqatish kuchaygani sari faktlarni tekshirish, manba shaffofligi va professional etikaga bo‘lgan talab ham ortib boradi.
